17 May 2023 1390

Pavel Xan: “Bokuda eng kamida Meksikadagi natijani qaytaramiz”

Ayni kunlarda taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Turkiyaning Antalya shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib bormoqda. Mazkur yigʻin 29-may – 6-iyun kunlari Ozarbayjonda oʻtadigan jahon chempionatiga tayyorgarlikning asosiy bosqichi hisoblanadi. Eʼtiboringizga terma jamoa bosh murabbiyi Pavel Xan bilan yakuniga yetib borayotgan mashgʻulotlar, dunyo birinchiligidan kutilayotgan natijalar haqidagi qisqa suhbatni havola qilamiz:

Jahon chempionatiga tayyorgarlikda nega aynan Turkiya yigʻini tanlandi?
– Biz bu joyga yil avvalida ham kelgan edik. Dunyo birinchiligiga tayyorgarlikda yana bu bazani tanlashimizga uning qulay nuqtada joylashgani sabab boʻldi. Sport zali Antalyaning togʻli hududlarida, shahardan uzoqroq maskanda boʻlib, barcha kerakli sharoitlarga ega. Shu bois, sportchilar boʻsh vaqtlarida uzoqqa ketib qola olmaydi, ortiqcha narsaga chalgʻishmaydi. Qolaversa, tabiati va havosi yoqimli. Uning dengiz sathidan balandligi ham biz uchun juda qulay.

– Yigʻin reja asosida ketmoqdami? Hozir nimalarga ahamiyat berilyapti?
– Yigʻin avvalida umumiy-jismoniy tayyorgarlikka, atletlarning koʻproq kuch yigʻib olishiga eʼtibor qaratgan edik. Hozirgi bosqichda texnik va taktik harakatlar ustida ishlayapmiz. Har bir sportchi bilan alohida tartibda kamchiliklari boʻyicha shugʻullanyapmiz. Termadagi boshqa murabbiylar bilan boʻlajak musobaqalarda duch kelishi mumkin boʻlgan raqiblarini ham oʻrganyapmiz.

– Bu yilgi jahon chempionatida Meksikadagi natijani takrorlay olamizmi?
– Meksikadagi dunyo birinchiligi biz uchun tarixda qoldi. Bu yil undagi koʻrsatkichlarni qaytarish oldimizdagi eng minimal vazifa. Lekin uni yanada yaxshilash uchun, koʻproq oltin medallarga ega chiqish uchun jamoamiz bilan bor kuchimizni ishga solamiz. Buning uchun bizga davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilmoqda. Kerakli oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etilyapti.

– Jahon chempionati uchun terma jamoa tarkibi aniqmi?
– Ha, aniq. Faqat uni muxlislar va OAV uchun yana bir necha kun ichida eʼlon qilamiz. Undan hozirgi kunda oʻz vazn toifalarida birinchi raqamli boʻlib turgan sportchilar joy olgan.

Text to speech