Chavandozlarimiz Yevrosiyo ligasida tengsiz
Bishkekdan yana bir ajoyib xabar. Konkur boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Qirgʻizistonda oʻtgan “FEI Jumping Nations Cup Eurasia League” musobaqasining yakkalik va jamoaviy yoʻnalishlarida gʻalaba qozonib, Jahon kubogining final bosqichlariga yoʻl oldi.
Musobaqada yurtimiz sharafini Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev, shuningdek, Bekzod Qurbonov, Nurjan Tuyakbayev, Aʼzam Tolibboyev va Xurshidbek Alimjonov himoya qilishdi. Chavandozlarimiz ikkinchi dasturda 150 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash bellashuvlarini jarima ochkolarisiz yakunlashga muvaffaq boʻlishdi. Undan keyingi oʻrinlarni Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Rossiya jamoalari band etishdi.
Qayd etish joiz, jamoaviy yoʻnalishda oʻtadigan Millatlar kubogining final bosqichi oktyabr oyida Ispaniyaning Barselona shahrida tashkil etiladi. Bu jamoamizning mazkur musobaqaga uchinchi bor yoʻllanma olishi. Shuningdek, Oʻzbekiston terma jamoasi Qirgʻizistondagi bosqich yakunida yakkalik dasturidagi Jahon kubogining finaliga ham yoʻllanma oldi. Ushbu musobaqa 2024-yil Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasini ushbu musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan qutlab, sportchilarimizga Jahon kubogining final bosqichlarida ham omad tilaydi.