Oʻzbek futbolining afsonasi Birodar Abduraimov 80 yoshda!
Bugun yurtimiz futbolining afsonalaridan biri, koʻplab futbolchilarning ustozi Birodar Abduraimov 80 yoshni qarshi olmoqda.
Shu munosabat bilan, bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida Birodar Hasanovichning yubileyiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va katta futbol jamoatchiligi ishtirok etdi.
Tadbirda Odil Abdurahmonov yaqinda 60 yillik yubileyini nishonlagan Igor Shkvirinni “Doʻstlik”, Birodar Abduraimovni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlash haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonini oʻqib eshittirdi. Davlat mukofotlarini Abdusalom Azizov oʻz egalariga topshirdi. Uchrashuv davomida soʻz olgan barcha Oʻzbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchisini qutlab, oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirishdi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov kun qahramoniga MOQning esdalik medalini topshirdi.
Maʼlumot uchun, Birodar Hasanovich Abduraimov 1943-yil ushbu sanada tavallud topgan. Qiziqarli tomoni qahramonimiz dastlab erkin kurash bilan shugʻullanib, oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritgan. Keyinchalik murabbiylari unda futboldagi iqtidorini payqab, “millionlar oʻyini”ga jalb qilishadi. Faoliyati davomida “Paxtakor”, “Yangiyer”, “Spartak” Moskva, SSKA kabi jamoalarda oʻynab, 100 dan ortiq golga mualliflik qilli. Buning evaziga Sobiq Ittifoq chempionatlarida 100 dan oshiq gol urgan futbolchilar kira oladigan Grigoriy Fedotov klubiga aʼzo boʻlgan. 1968-yil 22 gol bilan Sobiq Ittifoq chempionatining eng yaxshi toʻpurari sifatida qayd etilgan.
Futbolchilik faoliyatidan soʻng yurtimizning koʻplab klublarida bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bordi. 1994 Xirosimada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida terma jamoa katta murabbiyi sifatida tarixiy gʻalabamizga hissa qoʻshgan. Yurtimiz futboli rivojiga qoʻshgan hissasi uchun bugungacha “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun“ ordeni, ”Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi" va “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Birodar Abduraimovni bugungi yubiley ayyomi bilan qutlab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.