“Learn to Swim Program” dasturi mahalliy murabbiylar kelajagi uchun yangi platforma boʻldi
Suzish boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida yoʻlga qoʻyilgan “Learn to Swim Program” (suzishni oʻrganish dasturi) loyihasining yana bir bosqichi yakunlandi. 5-12-may kunlari tashkil etilan navbatdagi dasturda Respublikamizda yosh suzuvchilarga murabbiylik qilayotgan mutaxassislar ishtirok etishdi. Seminarning yakunida unda muvaffaqiyatli qatnashgan 25 nafar trenerga sertifikatlar topshirildi.
Ushbu seminar Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) shafeʼligida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston suzish federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirning soʻnggi kunida MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov, mamlakat suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher Gʻaniyev, shuningdek, World Aquatics tomonidan jalb etilgan amerikalik taniqli ekspert Genadius Sokolovas ishtirok etib, murabbiylarni kursni muvaffaqiyatli tugatishgani bilan qutlashdi.
Qayd etish joiz, amerikalik ushbu mutaxassis sohada ulkan tajribaga ega boʻlib, faoliyati davomida AQSH terma jamoasi safida bir necha yil ishlagan. Seminar zamonaviy qoʻllanmalar va taqdimotlardan foydalanilgan holda nazariy hamda amaliy darslarni oʻz ichiga oldi.
Bundan avval tashkil etilgan seminar suzishni endigina oʻrganayotgan yosh bolalarga murabbiylik qilayotgan mutaxassislar uchun oʻtkazilgan edi. Bu gal undan keyingi bosqichda murabbiylarning mahoratini oshirish mavzusiga ahamiyat qaratildi.