Sportchilarimizning ijtimoiy sharoitiga eʼtibor kuchayadi
Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari yaqinlashib borgani sari sportchilarimizga har tomonlama ahamiyat qaratish talab etiladi. Bunda ularning ijtimoiy sharoiti ham muhim ahamiyatga ega. Zero, atletlarimizning oilasi tinch bo‘lsa, ular mashg‘ulotlarda bexavotir shug‘ullana olishadi. MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov federatsiya va assotsiatsiyalarimizga olib borayotgan tashriflarida shu kabi jihatlarga alohida ahamiyat qaratmoqda. Bugun gimnastika va kamondan otish federatsiyasi mutasaddilari, sportchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bunga alohida to‘xtaldi.
Hozirda badiiy gimnastika bo‘yicha terma jamoamiz vakillari Boku shahrida bo‘lib turishibdi. Ertadan Ozarbayjon poytaxtida Jahon kubogining uchinchi bosqichi boshlanadi. Unda 7 nafar vakilimiz Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi ochkolari uchun kurash olib borishadi. O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Ruslan Mustayev MOQ rahbariga har bir gimnastikachimiz, ularning oilasi, sharoiti haqida batafsil gapirib berdi. O‘z navbatida, Rustam Shoabdurahmonov sportchilarimizga bo‘lgan eʼtiborni yana-da kuchaytirish zarurligini, bu bo‘yicha Prezidentimiz kuni kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda alohida gapirib o‘tganlarini alohida taʼkidladi.
Kun davomida MOQ raisi kamondan otish federatsiyasi bazasiga ham tashrif buyurdi. Rustam Shoabdurahmonovga uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov hamrohlik qildi. Bugungi suhbatda ayollar terma jamoasi vakillari ham qatnashdi. Qo‘mita rahbari uchrashuv davomida merganlarimiz bilan birma bir suhbatlashar ekan, ularning oilasi, yaqin qarindoshlari, ijtimoiy sharoiti haqida so‘radi. Shuningdek, sportchilarimizga hukumat tomonidan doimgidan ham katta ahamiyat qaratilayotgani, bunga yurtboshimizning shaxsan o‘zlari ahamiyat berayotganlari haqida gapirdi.
Yakunda har ikki federatsiya mutasaddi rahbarlariga buyog‘iga atletlarimizning oilalaridan tez-tez xabar olib turish, ularning salomatliklarini qattiq nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi.