Beshkurashchilarimiz Minsk yigʻiniga joʻnab ketishdi
Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bugun Minsk shahriga yoʻl oldi. Sportchilarimiz u yerda Belarus terma jamoasi bilan qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazishadi.
Mashgʻulotlar 30-mayga qadar davom etadi. Mezbonlar safida xalqaro maydonda ulkan tajriba toʻplagan atletlar, jumladan, jahon chempionlari ham borligi yosh sportchilarimizning oʻz mahoratlarini yanada oshirishlari uchun ayni muddao. Ushbu yigʻin jamoamiz uchun Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari yoʻlidagi muhim tayyorgarlik bosqichlaridan biri hisoblanadi.
Oʻz navbatida, mazkur safar Iskandariya (Misr) shahri mezbonlik qiladigan U-17, Istanbulda oʻtadigan U-19 yosh toifalaridagi jahon chempionatlari oldidan yoshlarimizning holatini koʻzdan kechirish imkonini ham beradi.