11 May 2023 1191

Bokschilarimiz medallar soni boʻyicha rekordni yangilashdi. Endi navbat sifatga

Poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionatida saralash bellashuvlari nihoyasiga yetdi. Reglamentga koʻra, bugun dam olish kuni. Shu bois yarim finalga yoʻllanma olgan terma jamoalar tarkibini sarhisob qilishning ayni fursati.

Shiddatli janglar yakunida Oʻzbekiston eng koʻp bokschi bilan yarim finalga yetib kelgan terma jamoaga aylandi. Xabaringiz bor, bu galgi dunyo birinchiligida naqd 9 nafar hamyurtimiz kamida bronza medalini rasmiylashtirdi. Qayd etish joiz, bu Oʻzbekiston termasi uchun bir jahon chempionatida qoʻlga kiritilgan medallar soni boʻyicha yangi rekord hisoblanadi. Keling, qaysi jamoa nechta sportchi bilan chempionlik uchun kurashni davom ettirayotganiga bir nazar tashlaymiz:

Oʻzbekiston – 9
Kuba, Rossiya – 6
Qozogʻiston – 5
Fransiya, Gruziya, Hindiston, Ispaniya – 3
Armaniston, Ozarbayjon, Braziliya, Moʻgʻuliston – 2
Xitoy, Italiya, Iordaniya, Qirgʻiziston, Meksika, Tojikiston – 1

Yarim final yoʻllanmalarini mamlakat va qitʼalar kesimida koʻrib chiqamiz. Hech shubha yoʻqki, bu borada Osiyo yaqqol yetakchi. Hozirda qitʼamizdagi 8 mamlakatdan 23 nafar bokschi ishtirokini davom ettirmoqda. Shuningdek, Yevropaning 6 mamlakatidan 19 nafar, Amerika qitʼasining 3 yurtidan 10 nafar bokschi ham chempionlikni koʻzlamoqda. Biroq bu gal Afrika va Okeaniya mintaqalaridan hech bir bokschi medal qoʻlga kiritdi olmaydigan boʻldi.

Yarim finalga yoʻl olgan bokschilarimiz va ularning ushbu bosqichdagi raqiblari:

-51 kg: Hasanboy Doʻsmatov - Martin Molina (Ispaniya)
-54 kg: Oybek Joʻrayev - Dmitriy Dvali (Rossiya)
-57 kg: Abdumalik Xalokov - Munarbek Seitbek (Qirgʻiziston)
-63,5 kg: Ruslan Abdullayev - Xovanes Bachkov (Armaniston)
-67 kg: Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev - Misheyelt Battumur (Moʻgʻuliston)
-71 kg: Saidjamshid Jafarov - Vanderson De-Oliveyra (Braziliya)
-75 kg: Aʼloxon Abdullayev - Vanderley Pereyra (Braziliya)
-92 kg Lazizbek Mullojonov - Muslim Gajimagomedov (Rossiya)
+92 kg: Bahodir Jalolov - Ayub Gadfa Drissi (Ispaniya)

Ertadan hamyurtlarimiz yarim final janglariga kirishishadi. Ishonamizki, bokschilarimiz endilikda nafaqat medallar soni, balki sifati boʻyicha ham eng yaxshi natijamizni yangilashadi.

Text to speech