6 May 2021 2298

Tokio-2020: Delegatsiyamizni koronavirusga qarshi emlash boshlandi

Bugun Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan delegatsiyamiz vakillarini koronavirusga qarshi emlash jarayoni boshlandi. Tadbirni para-suzish bo‘yicha terma jamoamiz vakillari boshlab berishdi.

Jarayon MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, RSTIAM rahbariyati, para-suzish bo‘yicha terma jamoamiz vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Dastavval terma jamoaning 11 nafar vakilidan qon tahlillari olinib, ularning organizmi emlash uchun qay darajada tayyorligi ko‘zdan kechirildi. Tahliliy natijalar yakuniga ko‘ra, 3 nafar sportchi va 2 murabbiyda emlash jarayoni amalga oshirildi. Bu borada murabbiy Ravshan Alimov delegatsiyamiz aʼzolari orasida vaksina qabul qilgan ilk inson bo‘ldi. Terma jamoamiz vakillari o‘z navbatida hukumatimiz va shaxsan davlatimiz rahbarining atletlarimiz salomatligi haqida qayg‘urayotganidan minnatdor ekanliklarini aytib o‘tishdi.

Taʼkidlash joiz, delegatsiyamizni emlash jarayonida “Sputnik V” vaksinasidan foydalanilmoqda. Yo‘riqnomga ko‘ra, vaksina 21 kun oralig‘ida 2 komponentda qabul qilinadi.

Reja bo‘yicha delegatsiya aʼzolarini emlash 1 iyunga qadar davom etadi va bu jarayonni boks bo‘yicha terma jamoamiz vakillari yakunlab berishadi. Umumiy hisobda 250 nafar vakilni emlash ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng MOQ rahbariyati federatsiyalarning sport shifokorlari bilan uchrashib, emlash jarayoniga tayyorgarlik, sportchilarimizning salomatligiga yana-da katta eʼtibor qaratish bo‘yicha suhbatlashishdi.

Text to speech