MOQ rahbari merganlarimizning litsenzion musobaqaga tayyorgarligi bilan tanishdi
Bugun Rustam Shoabdurahmonov O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasiga tashrif buyurdi. Unda MOQ rahbari milliy terma jamoamiz sportchilarining salomatligi va iyun oyida Parijda o‘tadigan litsenzion turniri oldidan olib borilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bilan yaqindan tanishdi.
Taʼkidlash joiz, ayni paytda terma jamoa bazasida o‘smirlar o‘rtasida mamlakat chempionati ham o‘tkazilmoqda. R. Shoabdurahmonov yosh merganlarimizning bellashuvlarini tomosha qilar ekan, federatsiya mutasaddilariga o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.
“Hozirda sportchilarimizning salomatligi asosiy darajaga chiqib qolmoqda. Barchamiz buning uchun masʼulmiz. Davlatimiz bizni har jabhada qo‘llab-quvvatlar ekan, o‘z natijalarimiz bilan munosib javob qaytaraylik. Sizlardan ham umidimiz katta. Tokio Olimpiadasida delegatsiyamiz tarkibida kamonchilarimiz bo‘lishini istaymiz. Bu yo‘lda Turizm va sport vazirligi hamda MOQ barcha yordamni ko‘rsatishga tayyor”, – dedi MOQ raisi.
R. Shoabdurahmonov terma jamoa mutasaddilari bilan suhbatlashar ekan, atletlarimizning salomatligini nazoratga olish, ularning oilaviy sharoitlarini o‘rganish, litsenzion musobaqaga tayyorgarlik rejalarini yana bir karra puxta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.