Umidimiz ertangi bahslardan
Tailandning Pattayya shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqaning birinchi kun ortda qoldi. Unda hamyurtlarimiz 3 yo‘nalishda litsenziyalar uchun bahs olib borishdi.
Afsuski, bugungi bellashuvlar jamoamiz uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Kanoechilarimiz Vladlen Denisov va Gerasim Kochnev juftligi 1000 metrga kechgan bahsda marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib kesib o‘tishdi. Xuddi shu masofada kurash olib borgan kanoechilarimiz juftligi Shohruhbek A’zamov va Javohir Nurmatov, 500 metr masofaga kechgan bahsda Arina Tanatmisheva (kanoe) to‘rtinchi bo‘lib marraga keldilar. Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada faqat birinchi o‘rin egalarigina Olimpiada yo‘llanmalariga sazovor bo‘lishadi.
Tokio shahrida o‘tishi kerak bo‘lgan akademik eshkak eshish bo‘yicha litsenzion musobaqaning ilk kuni noqulay ob-havo sabab 1 kunga surildi. Ertangi bellashuvlarda sportchilarimizga omad tilab qolamiz. Unda quyidagi vakillarimiz bahs olib borishadi:
Baydarka:
Shahriyor Mahkamov (K1, 1000 metr)
Yekaterina Shubina (K1, 200 metr)
Denis Onufriyev (K1, 200 metr)
Kanoe:
Bekzod Umaraliyev (С1, 1000 metr)
Gulbahor Fayziyeva (С1, 200 metr)
Akademik eshkak eshish. Tokio (Yaponiya):
M1x 2000 metr: Mehroj Mamatqulov
W1x 2000 metr: Malika Tagmatova
LM2x 2000 metr: Shahboz Xolmirzayev va Sobir Saforoliyev
LW2x 2000 metr: Luiza Ismoilova va Omadoy Otaqo‘ziyeva