Sportimiz faxriylari hamisha eʼtiborda
Har bir bayramlar oldidan oʻzbek sporti faxriylari holidan xabar olinib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi va homiylar tomonidan yaqinlashib kelayotgan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bir guruh faxriylar ragʻbatlantirildi.
Milliy Olimpiya qoʻmitasida Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Durdona Rahimova, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari ishtirok etgan tadbirda sportimiz dargʻalarining hayot yoʻli yodga olinib, ular qoldirgan kuchli maktab, orttirgan ulkan hayotiy tajribalari alohida eʼtirof etildi. Uchrashuv davomida umrguzaronlik qilayotgan har bir sport faxriysini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga moddiy koʻmak koʻrsatildi.
Shundan soʻng marosimning badiiy qismi “Oʻzbekiston” mehmonxonasining restoranida davom etdi. Unda MOQ raisi o’rinbosari Sherzod Tashmatov ham ishtirok etib, faxriylarimizga o’zining samimiy tilaklarini yo’lladi. Tadbir davomida faxriylar uchun dasturxon yozildi. Davlatimizning bunday gʻamxoʻrligidan minnatdor boʻlgan oʻzbek sportining dargʻalari yurtimiz osoyishtaligi va tinchligimiz uchun qoʻllarini duoga ochishdi.