Kristian Shnayder sport shifokorlarining faoliyati bilan tanishdi
Ayni kunlarda Germaniya Olimpiya sport konfederatsiyasi qoshidagi tibbiy ekspertlar qoʻmitasi rahbari Kristian Shnayder yurtimizda boʻlib turgani haqida maʼlum qilgan edik. Mutaxassis tashrifi davomida mamlakatimizdagi federatsiya va assotsiatsiyalaridagi sport shifokorlari bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisining oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojitdinov ham ishtirok etishdi.
Avval xabar berganimizdek, germaniyalik mutaxassis “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga sport tibbiyoti yoʻnalishida tayyorgarlik koʻrish boʻyicha jalb etilgan. Uning dasturidan mamlakatimizdagi ushbu yoʻnalishning holatini oʻrganish, sport shifokorlari bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishish ham oʻrin olgan edi.
Suhbat davomida sportchilarimizni qitʼa va jahon chempionati, Osiyo va Olimpiya oʻyinlari kabi yirik kompleks musobaqalarga tayyorlashda sport tibbiyoti yoʻnalishining qanchalik muhimligi, sohadagi zamonaviy yondashuvlar boʻyicha soʻz bordi. Tajribali ekspert shifokorlarimizning faoliyatiga yuqori baho berib, hamkorlikning dastlabki qadamlari boʻyicha rejalarni belgilab oldi.