5 May 2023 1467

“Men gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasi oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

14-may kuni Toshkentda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi “Men gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining anjumanlar zalida musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Durdona Rahimova, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, musobaqa tashkiliy qoʻmitasi vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Ommaviy yugurish musobaqasi Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi, bosh hamkor – “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent shahar hokimiyati koʻmagida tashkil qilinmoqda. “Men gʻolib” musobaqasi anʼanaviy ravishda muhim davlat sanalari – Vatan himoyachilari kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligi hamda Xotira va qadrlash kunini nishonlashga bagʻishlangan holda oʻtkaziladi.

Kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari, harbiy xizmatchilar, harbiy taʼlim muassasalari kursantlari, sport klublari aʼzolari va faol hayot tarzini maʼqullovchi koʻngillilar yiliga ikki marotaba jamoaviy hamda shaxsiy yoʻnalishda oʻtadigan ushbu poygada qatnashib kelishmoqda.

Ushbu musobaqani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad aholi oʻrtasida yugurish va sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, harbiy xizmatchilardagi sportcha ruhni saqlash va ular orasidagi doʻstona aloqalarni rivojlantirish, kuch ishlatuvchi tuzilmalar idoralarining vakillari orasidan eng kuchli jamoalarni aniqlashga qaratilgan. 14-may kuniga belgilangan tadbir 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlanib, start-finish nuqtasi “Humo arena” majmuasining oldidagi maydonga belgilangan.

Rasmiylar anjuman davomida musobaqa yildan yilga kuch ishlatuvchi tuzilmalar va yugurish havaskorlari orasida katta qiziqish uygʻotayotganini alohida qoʻshimcha qilishdi. Jumladan, rejaga koʻra ushbu sport tadbiri ilk marotaba 2000 ga yaqin ishtirokchini birlashtiradi. Musobaqa dasturi ham kengaytirildi va unga 3 ta masofa qoʻshildi: yarim marafon – 21,1 km, chorak marafon — 10,5 km va 3 kmga yugurish. Poygalarga 14-may kuni 07:00 da start beriladi.

“Men gʻolib” kubogini qoʻlga kiritish uchun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi vakillaridan iborat 7 ta jamoa hamda kuch ishlatuvchi tuzilmalar taʼlim muassasalarining 6 ta jamoasi kurash olib boradi.

Musobaqada qatnashish istagini bildirgan barcha yuguruvchilar 10-mayga qadar Iticket.uz saytida roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Shuningdek, poyga shartlari bilan batafsil Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining saytida tanishish imkoniyati mavjud.

Text to speech