4 May 2023 1868

“Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik xorijlik ekspertlar bilan muhokama qilindi

Shu kunlarda Germaniya Olimpiya sport konfederatsiyasi qoshidagi tibbiy ekspertlar qoʻmitasi rahbari Kristian Shnayder va yirik kompleks musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha ulkan tajribaga ega ekspert, menejer Vadim Axmadiyev poytaxtimizda boʻlib turishibdi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad 2025-yil Toshkentda oʻtadigan yoshlar Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishda Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik masalalarini koʻrib chiqishdir. Shu maqsadda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov ekspertlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida “Toshkent-2025” oʻyinlarini tashkil etish va oʻtkazishda jahon tajribasidan keng foydalanish, Oʻzbekistonda sport tibbiyoti tizimini yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Qayd etish joiz, V.Axmadiyev 2017-yil Turkmanistonda oʻtgan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari, oʻsha yili Ozarbayjonda oʻtgan Islom birdamligi oʻyinlari, 2018-yil Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlari, 2021-yil suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati va boshqa koʻplab nufuzli musobaqalarda menejer sifatida ishlagan.

Adham Ilhamovich boʻlajak Oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrish shaxsan Davlatimiz rahbari tomonidan nazorat qilinayotgani, shu bois uni yuqori saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq muammolar boʻlmasligi haqida toʻxtaldi. Suhbat davomida musobaqa dasturiga kiritilishi koʻzda tutilgan sport turlari muhokama qilinib, ular oʻtkaziladigan arenalar, bellashuvlar kunlari koʻrib chiqildi.

Text to speech