Jahon chempionati oldidan dzyudochilarimiz bilan matbuot anjumani oʻtkazildi
7-14-may kunlari Doxa shahrida dzyudo boʻyicha navbatdagi jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Unda ishtirok etadigan Oʻzbekiston terma jamoasining bir qismi ertaga Qatar poytaxtiga yoʻl oladi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur chempionatga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Ilias Iliadis boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabi, sportchilar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Azizjon Yakubjanovich dastavval terma jamoaning umumiy tayyorgarligi haqida toʻxtalar ekan, hukumatimiz tomonidan bu borada barcha sharoitlar yaratib berilgani, sportchilarimiz dunyo birinchiligiga soʻnggi tayyorgarlikni Turkiya va Yaponiya yigʻinlaridan keyin Samarqandda oʻtkazishgani haqida gapirdi. Shuningdek, MOQ raisi oʻrinbosari mamlakatimizda dzyudo sportining ommaviyligini yanada oshirish maqsadida qilinayotgan ishlar, respublikamizdagi yangi ochilgan maktablarda shugʻullanayotgan yoshlarning soni 2 ming nafardan ortgani xususida ham toʻxtaldi.
Terma jamoa bosh murabbiyi I.Iliadis esa Davlat Bobonov jarohati sabab ushbu dunyo birinchiligida ishtirok eta olmasligi, qolgan sportchilarning tayyorgarligi yuqori darajada ekanini maʼlum qildi. Sportchilar nomidan Davlat Bobonov soʻz olib, jamoadoshlarining holati aʼlo darajada ekani, oʻzining salomatligi ham barqaror tiklanib borayotgani xususida gapirdi. Shuningdek, Diyora Keldiyorova dzyudochi qizlarimiz ham ushbu dunyo birinchiligidan medallar bilan qaytishni maqsad qilishganini qoʻshimcha qildi.
Anjuman davomida OAV xodimlari atletlarimizning ruhiy va jismoniy holati, bu yil kutib turgan Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va boshqa turnirlarga tayyorgarligi boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Tadbir yakunida Azizjon Kamilov Oʻzbekiston dzyudo oilasi nomidan Toshkentda oʻtayotgan boks boʻyicha jahon chempionatida terma jamoamiz aʼzolariga omad tiladi.