3 May 2023 1013

Oʻzbekistonning 2022-yilgi eng yaxshi ayol sportchisi Svetlana Osipovani tabriklaymiz!

Bugun taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, jahon chempioni Svetlana Osipova tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Svetlana Osipova 2000-yil 3-may kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tavallud topgan. Qahramonimiz ayollar oʻrtasida eng yuqori vazn toifasida (+73 kg) qator gʻalabalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2017-yil (Turkmaniston) Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida kumush, Bokuda oʻtgan Islom birdamligi oʻyinlari hamda 2018-yil Indoneziyadagi Osiyo oʻyinlarida bronza medali sohibiga aylandi. Mahoratli taekvondochimiz 2019-yil Yaponiyaning Chiba shahrida oʻtkazilgan Gran-pri turnirida ham shohsupaga koʻtarilishga muvaffaq boʻlgan. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi.

2022-yil atletimiz uchun ancha sermahsul oʻtdi. Jumladan, Janubiy Koreyada oʻtgan Osiyo chempionatida bronza, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlari va Meksikada oʻtgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor boʻldi. Shu tariqa Osipova oʻzbekistonlik taekvondochi qizlar orasida jahon chempionatida gʻalaba qozongan birinchi sportchiga aylandi. Yil yakunida esa “Oʻzbekistonning eng yaxshi ayol sportchisi” nomiga loyiq koʻrildi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Svetlana Osipovani tavallud ayyomi bilan tabriklab, unga sihat-salomatlik va yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Text to speech