“Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga har bir yo‘nalishda puxta tayyorgarlik ko'riladi
Yaqinlashib kelayotgan “Toshkent-2025” yoshlar o‘rtasidagi IV Osiyo va V Para Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda jahon tajribasini o‘rganish ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. Hozirda barcha yo‘nalishlarda tajribali ekspertlar bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda. Bugun mana shu yo‘nalishlardan biri doirasida germaniyalik tibbiyot sohasi mutaxassisi Kristian Shnayder bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mehmonni Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi.
Maʼlumot uchun, Kristian Shnayder tibbiyot fanlari doktori, Germaniya Olimpiya sport konfederatsiyasining tibbiy ekspertlar qo‘mitasi rahbari hisoblanadi. Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida poytaxtimizda o‘tadigan nufuzli musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rishda Yevropa, xususan, Germaniya tajribasini o‘rganish asosiy mavzulardan biriga aylandi.
Shuningdek, yosh sportchilarimizni ushbu Osiyo o‘yinlariga tayyorlashda tibbiyot yo‘nalishida ahamiyat qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar bo‘yicha ham suhbat olib borildi. Qolaversa, mazkur yo‘nalishda federatsiya va assotsiatsiyalarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarni tayyorlash yo‘nalishiga ham ahamiyat qaratildi.
Mehmon tashrifi davomida Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida ham bo‘lib, tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markaz rahbari va mutaxassislar bilan suhbatlashib, hamkorlikning dastlabki yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi.
Kristian Shnayder tashrifi davomida mamlakatimizdagi sport tibbiyotining bugungi holatini yaqindan o‘rganishi va tahlil qilishi, shu asosda kelgusi ishlar uchun rejalar tuzib chiqishda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.