2 May 2023 1275

Chavandozlarimiz Jahon kubogining final bosqichi sari dadil qadam tashlashdi

Poytaxtimizda konkur boʻyicha ikki bosqichdan iborat Jahon kubogining Yevrosiyo ligasi saralash bahslari va “Maxima Master EURASIA CUP” musobaqalari yakunlandi. Koʻplab xalqaro ekspertlar diqqat-markazida boʻlgan nufuzli musobaqa oʻzbekistonlik chavandozlarning gʻalabasi bilan nihoyasiga yetdi.

Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi dasturida 11 mamlakat vakillari jamoaviy yoʻnalishda gʻoliblik uchun kurash olib borishdi. Murosasiz bahslarga boy chiqishlarda hamyurtlarimizga teng keladigani topilmadi. Bellashuvlarda bir vaqtning oʻzida terma jamoa bosh murabbiyi hisoblanuvchi Bekzod Qurbonov (“Matts VG”, laqabli otda), shuningdek, Xurshidbek Alimjonov (“Chempions Liga”), Aʼzam Tolibboyev (“Bozart De Ruet”) va Nurjan Tuyakbayev (“Kvintus HB”) yurtimiz sharafini himoya qilishdi. Bahslarda ikkinchi oʻrin Qirgʻiziston, uchinchi oʻrin esa Qozogʻiston terma jamoalariga nasib etdi.

Quvonarlisi, 150 smli toʻsiqlardan iborat “Maxsima Masters Eurasia Cup Tashkent 2023” dasturida ham eng koʻp ochko jamgʻargan Oʻzbekiston terma jamoasi yana bir chempionlikni tantana qildi. Hamyurtlarimiz gʻalaba uchun kechgan shiddatli bellashuvlarda Rossiya termasini ortda qoldirishdi.

Qayd etish joiz, Millatlar kubogi yoʻnalishi Ispaniyaning Barselona shahrida oʻtadigan Jahon kubogining final bosqichiga yoʻllanma beradi. Kelgusi 2 bosqichdagi gʻalaba yurtdoshlarimizga navbatdagi final eshiklarini ochadi.

Text to speech