30 Aprel 2023 1969

Boks bo‘yicha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi

Ertadan dunyoning eng kuchli bokschilari Toshkentda jahon chempionligi uchun bahslarga kirishishadi. Bir necha daqiqa avval «Humo arena»da mamlakatimiz ilk bor mezbonlik qilayotgan dunyo birinchiligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlev, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov ishtirok etishdi.

Marosim rasmiy qismida Abdulla Aripov nutq so‘zlab, musobaqa mehmonlarini qutladi va yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida gapirdi. Shundan so‘ng Umar Kremlev jahon chempionati munosabati bilan boks oilasiga tabrik yo‘lladi va musobaqani rasman ochiq deb eʼlon qildi.

Tadbir davomida bokschilar nomidan Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov musobaqada halol va shaffof raqobat olib borishga qasamyod qildi. Shundan keyin marosim bayramona kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.

Text to speech