29 Aprel 2023 1243

Igor Shkviringa MOQning anʼanaviy esdalik medali topshirildi

Bugun oʻzbek futbolining taniqli vakili, Osiyo oʻyinlari gʻolibi Igor Shkvirin 60 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida Igor Anatolyevichni yubiley ayyom bilan qutlashga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Unda Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari kengashi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda soʻz olgan Bahodir Maxsitovich Igor Shkvirinni yurtimiz futboli rivojiga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirib, unga MOQning anʼanaviy esdalik medalini taqdim qildi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Futbol faxriylari kengashi, Professional futbol ligasi kabi tashkilotlar ham kun qahramoniga oʻz sovgʻalarini topshirishdi. Tadbir davomida Birodar Abduraimov, Toʻlagan Isoqov, Mirjalol Qosimov, Yuriy Sarkisyan singari oʻzbek futbolining tom maʼnodagi yulduzlari ham Igor Shkvirinni qutlashdi.

Oʻz navbatida, Igor Anatolyevich koʻrsatilgan bunday hurmat va ehtiromdan mamnun ekanini, kelgusida murabbiy sifatida yurtimiz futboli rivoji uchun bor kuch-gʻayratini safarbar qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Text to speech