29 Aprel 2023 1111

Amerikalik mutaxassis ishtirokida suzish murabbiylariga seminar oʻtkazilmoqda

Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) bilan hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan loyihalardan yana biri yoʻlga qoʻyildi. Bugundan Oʻzbekiston suzish federatsiyasida yosh suzuvchilar bilan ishlayotgan mahalliy murabbiylar uchun “Learn to Swim Program” (“Suzishni oʻrganish dasturi”) nomli seminar boshlandi.

Butunjahon suzish federatsiyasi shafeʼligida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda mamlakat suzish federatsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan mazkur loyihada yurtimizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan 25 nafar murabbiy ishtirok etyapti. Seminar suzish olamidagi yetakchi ekspertlaridan biri, yuqori malakali mutaxassis, amerikalik Genadius Sokolovas tomonidan olib borilmoqda.

Rejaga koʻra, baʼzi darslar seminarda qatnasha olmayotgan viloyatlardagi mutaxassislar uchun onlayn koʻrinishda ham olib boriladi. Oʻquv kursi eng soʻnggi metodika va qoʻllanmalar foydalangan holda nazariy hamda amaliy mashgʻulotlarni oʻz ichiga oladi. Mazkur seminar 4-mayga qadar davom etadi va undan soʻng yana olti kunlik kursni oʻz ichiga olgan ikkinchi bosqich oʻtkaziladi.

Text to speech