28 Aprel 2023 1167

Poytaxtimizda yigirma ikki mamlakatdan tashrif buyurgan konkur ustalari bellashmoqda

Toshkentda ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Yevrosiyo ligasi Millatlar kubogining ikkinchi bosqich bellashuvlariga start berildi. 120 va 140 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash boʻyicha tezkorlikka asoslangan dasturlar musobaqani ochib berdi.

Bugungi bellashuvlarning eng katta dasturida “Quintus HB” tulporida ishtirok etgan mahoratli chavandozimiz Nurjan Tuyakbayev gʻalaba qozondi. Jahon kubogining final bosqichi ishtirokchisi unda 78,7 soniya qayd etdi. Ikkinchi oʻrin “Champions League” tulporida harakat qilgan Xurshidbek Alimjonovga nasib etgan boʻlsa, qirgʻizistonlik Rinat Galimov “Turon” oti bilan kuchli uchlikdan joy oldi.

Qayd etish joiz, mazkur musobaqada Yevrosiyo ligasiga kiruvchi 11 mamlakatdan tashqari Qatar, Fransiya, Niderlandiya, Turkiya, Litva, Shveysariya kabi jami 22 davlatdan tashrif buyurgan chavandozlar ishtirok etishmoqda. Ertaga boʻlib oʻtadigan bahslarda musobaqa tarixida ilk bor jamoaviy yoʻnalishda ham gʻolib va sovrindorlar aniqlab olinadi.

Text to speech