4 May 2021 2718

O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdagi Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda assotsiatsiya rahbariyati, mutaxassislari, viloyat bo‘limi rahbarlari, bosh murabbiylar, terma jamoa aʼzolari hamda ommaviy-axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi ilk masala – O‘zbekistonda Paralimpiya harakatini yana-da rivojlantirish orqali imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun tegishli sharoitlar yaratib berish, Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi faoliyati, shuningdek Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Sharifjon Momindjanov nutq so‘zladi.

“Muhtaram Prezidentimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashlari natijasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish, bu orqali ularning salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qator saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Bugungi kunda butun dunyoda bo‘lgani kabi Respublikamizda ham (СOVID-19) karantin holati bo‘lishiga qaramasdan, xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda milliy terma jamoa aʼzolarining o‘quv- mashg‘ulot yig‘inlari uzluksiz ravishda o‘tkazilmoqda. Jumladan, ortda qolgan vaqt davomida 20 dan ortiq mahorat darslari, 21 ta onlayn tibbiyot seminari va 12 ta onlayn respublika musobaqalari tashkil etildi. Shuningdek, karantin talablari yumshatilgan davrda 7 ta respublika musobaqalari va boshqa tadbirlar tashkil etildi. Bunday saʼy-harakatlar samarasi o‘laroq terma jamoa sportchilarining xalqaro musobaqalardagi natijalari yana-da yaxshilanishiga erishilmoqda”, – dedi Sh.Momindjanov.

Qayd etish joiz, MPA raisi o‘rinbosari Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikka ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Unda paralimpiya sport turlarining geografiyasi kengayib, para-velosport, para-qilichbozlik, para-badminton, para-stol tennisi kabi yo‘nalishlarda ham yo‘llanmalar uchun kurash olib borilishi taʼkidlandi. Shuningdek, tog‘ chang‘isi kabi yo‘nalishda ham yo‘nalish ochilib, qishki Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish rejalashtirilgani aytildi.

Shundan so‘ng Assotsiatsiya Sport bo‘limi mutasaddilari, bosh hisobchisi o‘z faoliyatlari to‘g‘risida hisobot berishdi.

Keyin esa kun tartibidagi shu va boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilish so‘nggida Assotsiatsiyada faoliyat olib borayotgan bir qator mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Shuningdek, Assotsiatsiya tomonidan yurtimizda paralimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirish va faoliyatini boshlamagan viloyatlarda hududiy bo‘limlar ochish, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari, Xanchjou-2022 Paraosiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish kabi yo‘nalishlarda mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Qolaversa, kun tartibiga muvofiq, Assotsiatsiyaning Ijroiya qo‘mitasi va taftish komissiyasi tarkibi yangilandi.

Text to speech