27 Aprel 2023 1386

Yengil atletikachilarimiz qitʼa birinchiligidagi ilk medallarini qoʻlga kiritishdi

Maʼlum qilganimizdek, bugun Toshkentda yengil atletika boʻyicha 18 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasida Osiyo chempionati start oldi. Qitʼamizning 40 ta mamlakatidan tashrif buyurgan atletlar qatnashayotgan nufuzli musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi dastlabki medallarini qoʻlga kiritdi.

Biroz avval yakunlangan qizlar oʻrtasidagi uzunlikka sakrash dasturida Sharifa Davronova, yigitlar oʻrtasidagi yadro uloqtirish sektorida esa Abduazim Rahmatulloyev kumush medallarga sazovor boʻlishdi. Qayd etish joiz, Sharifa Davronova hali oldinda oʻzining sevimli uch hatlab sakrash dasturida ham medallar uchun kurash olib boradi. Batafsil:

Uzunlikka sakrash, qizlar:
1. Binbin Vu (Xitoy) – 6.41 metr
2. Sharifa Davronova (Oʻzbekiston) – 6.22
3. Muhammed Mubassina (Hindiston) – 5.90

Yadro uloqtirish, yigitlar:
1. Sixun Park (Janubiy Koreya) – 20.11 metr
2. Abduazim Rahmatulloyev (Oʻzbekiston) – 17.47
3. Abdulrahmon Al Qahtoni (Quvayt) – 17.42

Text to speech