27 Aprel 2023 1103

Boʻkalik sport faxriylariga ehtirom koʻrsatildi

Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Boʻka tumanida faxriylar va yoshlar bilan uchrashuv, shuningdek, ommaviy sport tadbiri boʻlib oʻtdi. Tuman aholisi orasida oʻzining koʻp yillik fidoyi mehnati bilan nom qozongan Joʻra ota Toʻraxonov xotirasiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, 30 nafar sport faxriylari, 100 nafardan ziyod tuman yoshlari ishtirok etishdi.

Kun avvalida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi binosining oldida jam boʻlgan faxriylar maxsus avtobusda Boʻka tumani tomon yoʻl olishdi. Qayd etish joiz, safar davomida boʻkalik sport faxriylarining xonadoniga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olindi, samimiy suhbat qurildi. Shuningdek, tuman aholisi bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. Unda koʻp yillik hayotiy tajribaga ega boʻlgan faxriylarimiz bugungi davrda yoshlarimiz uchun yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanish boʻyicha qimmatli maslahatlarini berishdi. Shuningdek, 30-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar yuzasidan oʻtadigan Referendumda faol qatnashib, mamlakatimiz kelajagi uchun befarq boʻlmaslikka chorlashdi.

Xotira turnirida Boʻkaning sergʻayrat yoshlari futbol boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish qilishdi. Yakunda gʻolib boʻlgan jamoaga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Text to speech