26 Aprel 2023 1181

Toshkent yana dunyo sporti jamoatchiligining diqqat markazida

Poytaxtimiz 27-30-aprel kunlari yengil atletika boʻyicha yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati, 29-aprel – 5-may kunlari kamondan otish boʻyicha Osiyo kubogining ikkinchi bosqichi, 30-aprel – 14-may kunlari boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida mazkur musobaqalarga olib borilayotgan tayyorgarlik holatini oʻrganish yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Tadbirni vazir Adham Ikramov olib borar ekan, barcha turnirlarni yuqori saviyada oʻtkazish, bu orqali butun jahonga mamlakatimizning yirik sport tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkaza olishini yana bir karra koʻrsatish lozimligini taʼkidladi. Yigʻilishda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov, shuningdek, federatsiyalar masʼullari, Respublika oliy sport mahorati maktablari vakillari, OʻzMTRK, tegishli huquq-tartibot organi xodimlari ishtirok etishdi.

Yigʻilish davomida yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlarga yaratiladigan sharoitlar, ularning salomatligi va xavfsizligini taʼminlash, mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohatlar tashkil etish, bellashuvlarni translyatsiya qilish kabi mavzular ham atroflicha koʻrib chiqildi. Qolaversa, musobaqalarda atletlarimizning yuqori natijalarni qayd etishlari ham ahamiyatli ekani alohida taʼkidlandi.

Adham Ilhamovich uchrashuv yakunida har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar belgilab, ish samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Text to speech