“Humo arena”da tayyorgarlik avjida
Boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qiladigan “Humo arena” muz saroyida ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda. Bugun MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov arenaga tashrif buyurib, jarayonni ko‘zdan kechirishdi.
Hozirda arenada montaj ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng dunyoning eng kuchli bokschilarini aniqlab beradigan ringlar joylashtiriladi. Reglamentga ko‘ra, janglar 2 ta ringda o‘tkaziladi. Mutasaddilar tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirishar ekan, barcha ish o‘z muddatida aʼlo darajada yakunlangan bo‘lishi lozimligini, mehmonlar va tomoshabinlar uchun qulay sharoit yaratish muhimligini taʼkidlashdi.
30 aprel kuni arenada dunyo birinchiligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. O‘rganish ishlari davomida marosim dasturi va boshqa yo‘nalishlar ham atroflicha ko‘rib chiqilib, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.