24 Aprel 2023 1511

Yevrosiyo ligasining Gran-pri dasturi chavandozlarimizning g‘alabasi bilan yakunlandi

Poytaxtimizda konkur bo‘yicha “Eurasia league Tashkent 2023” turniri o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida sportchilar asosiy yo‘nalish bo‘lmish Gran-pri dasturida bahs olib borishdi. Quvonarlisi, balandligi 150 smni tashkil etgan to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida barcha sovrinli o‘rinlar hamyurtlarimizga nasib etdi. Bellashuvlar yakunida oltin medalni tajribali chavandozimiz Bekzod Qurbonov qo‘lga kiritdi. “Matts V.G.” tulporida ishtirok etgan Qurbonov masofani 90.93 soniya ichida jarima ochkolarisiz bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

1. Bekzod Qurbonov (O‘zbekiston) – “Matts V.G.” (laqabli ot)

2. Saidamirxon Turg‘unboyev (O‘zbekiston) – “Calleko”

3. Nurjan Tuyakbayev (O‘zbekiston) – “Quintus HB”

Qayd etish joiz, musobaqaning yana 3 bosqichida ham yurtdoshlarimiz g‘alaba qozona olishsa, yana bir bor kelasi yil o‘tadigan Jahon kubogining final bosqichiga yo‘l olishadi. Ahamiyatlisi, musobaqaning ikkinchi bosqichiga ham poytaxtmiz mezbonlik qilib, bellashuvlar 27-30-aprel kunlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasini birinchi bosqichdagi g‘alaba bilan qutlab, sportchilarimizga kelgusi bellashuvlarda ham omad tilaydi.

Text to speech