23 Aprel 2023 1339

MOQ rahbariyati jahon chempionati ishtirokchilarining tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi

Toshkent mezbonlik qiladigan boks bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik qizg‘in pallada. Musobaqadan avval poytaxtimizga tashrif buyurgan bir qator terma jamoalar Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazishmoqda. MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov ROPSTTMga tashrif buyurib, terma jamoalarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. 

MOQ rahbariyati tashrif davomida hamyurtlarimizning mashg‘ulotlarini kuzatish barobarida Hindiston, Suriya kabi terma jamoa aʼzolari bilan uchrashishdi. Suhbat davomida mehmonlarning sharoitlari bilan tanishdilar. Shundan so‘ng terma jamoalar o‘rtasidagi sparring janglarini ham tomosha qilib, yurtdoshlarimizning tayyorgarligini yaqindan ko‘zdan kechirishdi. 

Qayd etish joiz, Suriya termasi ushbu jahon chempionatiga Osiyo Olimpiya kengashi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyiha asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu jamoa aʼzolari bilan suhbatda O‘zbekiston tomoni suriyalik bokschilarning kelgusi musobaqalarga hozirlik ko‘rishida ham yordam berishga tayyor ekanini bildirildi. 

Maʼlumot uchun, 30aprel – 14-may kunlari bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida 100 dan ortiq davlatdan 600 nafardan ziyod bokschi ishtirok etadi.

Text to speech