23 Aprel 2023 1026

Qirg‘izistondagi yig‘inni muvaffaqiyatli o‘tkazgan beshkurashchilarimiz qaytib kelishdi

Zamonaviy beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonning Issiq-ko‘l viloyatida joylashgan “Dolen” sport kompleksida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib qaytdi. Hamyurtlarimiz yig‘in davomida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston terma jamoalari bilan ulkan tajriba to‘plashdi. 

Ushbu yig‘in orqali yosh atletlarimizning mahoratini oshirish, 2023-yil kutib turgan xalqaro musobaqalarga tayyorlash ko‘zda tutilgan edi. Sportchilarimiz mashg‘ulotlar davomida qilichbozlik bo‘yicha o‘tgan sinov musobaqalarida qatnashib, yuqori natijalarni qayd etishdi. Xususan, Olimpiada chempioni Aleksandr Lisun (Rossiya) va boshqa ko‘plab jahon sportining taniqli vakillari ishtirokida o‘tgan mashqlar hamyurtlarimiz uchun katta maktab bo‘ldi. Bazaning dengiz sathidan 1600 metr balandlikda joylashgani beshkurashchilarning jismoniy tayyorgarligini yana-da kuchaytirishga xizmat qildi. 

O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi 20 kun davom etgan ushbu yig‘in yakuniga ijobiy xulosa berdi. Sportchilar unda olgan tajriba va malakalarini 2023 yil o‘tadigan mahalliy va xalqaro musobaqalarda ko‘rsatishadi.

Text to speech