21 Aprel 2023 1469

Tayvanda triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand” ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Butunjahon triatlon oilasi ayni kunlarda Tayvanda jam bo‘ldi. Ushbu davlatda 22-23-aprel kunlari “Challenge Taiwan” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etish uchun ushbu mamlakatga butun dunyodan umumiy hisobda 10 ming nafar mehmon tashrif buyurdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov hamda O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun ham ishtirok etishmoqda.

Ushbu xizmat safari orqali triatlon bellashuvlarini tashkil etish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish ko‘zlangan. Bugun O‘zbekiston triatlon federatsiyasi aʼzolari “Challenge Family” brendi vakillari bilan musobaqa trassasi bo‘ylab barcha jarayonni o‘rganishdi. Ahamiyatlisi, turnir doirasida ko‘rgazma nuqtalari ham tashkil etilgan bo‘lib, unda joriy yilning sentabr oyida Samarqandda o‘tadigan “Challenge Samarkand” bo‘limi ham ochildi. Tadbir davomida bo‘lim haqida qiziqish bildirgan mehmonlarga yurtimizning boy tarixi, musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan maʼlumot berildi.

22-23-aprel kunlari sportchilar medallar uchun kurash olib borishadi. Bahslar kattalar o‘rtasida quyidagi dasturlarda bo‘lib o‘tadi:

Uzoq masofa: 3,8 km suzish, 180 km velopoyga, 42,2 km yugurish

O‘rta masofa: 1,9 km suzish, 90 km velopoyga, 21,1 km yugurish

Olimpiya masofasi: 1,5 km suzish, 40 km velopoyga, 10 km yugurish.

Text to speech