Toshkentga konkur nafasi kirib kelmoqda
21-23-aprel kunlari poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” majmuasida konkur boʻyicha anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan Jahon kubogining Yevrosiyo ligasi bosqichi, 27-30-aprel kunlari esa Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi hamda “Maxsima Masters” Gran-pri turniri boʻlib oʻtadi.
17-aprel kuni mazkur musobaqada ishtirok etadigan sport otlari Frankfurt-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha maxsus reysda poytaxtimizga olib kelindi. Tulporlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan belgilangan tartibda bazaga joʻnatildi.
Otlar bir necha kunlik tiklanish jarayoni, sanitar koʻriklardan soʻng mashgʻulotlarga qoʻyiladi. Eslatib oʻtamiz, Yevrosiyo ligasi bosqichilarining yakunida kelasi yil boʻlib oʻtadigan Jahon kubogining final bosqichi ishtirokchisi aniqlab olinadi.
Mazkur nufuzli musobaqaga Yevrosiyo ligasiga kiruvchi 11 mamlakatdan tashrif buyuradigan chavandozlar, shuningdek, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining taklifiga binoan Shvetsiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Xitoy, Yaponiya, Oman, Qatar, Eron, Hindiston kabi 20 mamlakatdan mehmonlar kelishadi.
Demak, ot sporti ishqibozlarini 21-23 va 27-30-aprel kunlari “Universal Horses Stable” majmuasida oʻtadigan qiziqarli bellashuvlarni tomosha qilishga taklif etamiz. Musobaqaga kirish bepul.