18 Aprel 2023 1177

Yosh beshkurashchilarimizning natijalari barqaror oʻsib bormoqda

Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining Issiq-Koʻl viloyati (Qirgʻiziston)dagi yigʻini qizgʻin davom etmoqda. Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi terma jamoalar bilan tashkil etilayotgan mashgʻulotlarda yosh atletlarimiz katta tajriba toʻplashmoqda.

Qayd etish joiz, yigʻin doirasida oʻtayotgan nazorat mashqlari sportchilarimizning natijalari oʻsganini koʻrsatmoqda. Oʻq otish yoʻnalishida 4 bosqichda 40 nafar atlet oʻrtasida tashkil etilgan ana shunday bellashuvlardan birida hamyurtimiz Mixail Kokozidi eng yaxshi natijani qayd etib, birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Mazkur bahslarda yosh sportchimiz mahoratli raqiblari orasida oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Ushbu nazorat mashqi orqali murabbiylar shtabi atletlarimizning psixologik tayyorgarligini yana bir karra koʻzdan kechirib, qanday xatolar ustida ishlash kerakligini belgilab oldi.

Text to speech