Badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Maʼlum qilganimizdek, Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining uchinchi bosqichiga start berildi. Birinchi kun doirasida saralash bellashuvlari nihoyasiga yetgach musobaqaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Marosimda Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG), O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, mamlakat gimnastika federatsiyasi rahbariyati, musobaqa mehmonlari ishtirok etishdi. Tadbirning rasmiy qismida Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov so‘z olib, mamlakatimizda xotin-qizlar sporti, xususan, gimnastika turlariga qaratilayotgan ulkan eʼtibor haqida to‘xtalib o‘tdi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi. Shundan so‘ng sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar, sho‘x kuy-qo‘shiqlar mehmonlarga yana-da ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada dunyoning 31 mamlakatidan tashrif buyurgan mahoratli gimnastika ustalari medallar uchun kurash olib borishmoqda. Bahslarning ilk g‘oliblari bugun aniqlanadi.