14 Aprel 2023 1142

Qoʻqonda Toʻlanboy polvon xotirasiga bagʻishlangan sport musobaqalari oʻtkaziladi

6-7-may kunlari Qoʻqon shahrida oʻzbek milliy oʻyinlarining targʻibotchisi, taniqli polvon Toʻlanboy Qurbonov xotirasiga bagʻishlab anʼanaviy sport turlari boʻyicha xotira turniri oʻtkaziladi. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Qoʻqon shahar hokimligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Sport faxriylari kengashi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ushbu musobaqaga qizgʻin hozirlik ketmoqda. Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov Qoʻqonga tashrif buyurib, shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov bilan mazkur musobaqani yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha uchrashuv oʻtkazdi.

Toʻlanboy Qurbonov hayotini milliy sport turlarini ommalashtirishga baxshida qilgan mutaxassis, chinakam soha fidoyisi edi. Suhbat davomida boʻlajak musobaqani oʻtkazish barobarida Toʻlanboy polvondek faxriylarning nomini saqlab qolish, uni kelgusi avlodga yetkazish kabi mavzularda ham soʻz bordi.

Qayd etish joiz, bu kabi ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Etnosport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-259-son Qarori ijrosini taʼminlash, yoshlarga koʻp yillik qadriyatlarimizni oʻzida jamlagan milliy oʻyinlarimizni yetkazish borasida muhim qadam hisoblanadi.

Text to speech