13 Aprel 2023 1406

Toshkent voleybol boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorlanmoqda

Joriy yilning 20-30-iyul kunlari poytaxtimiz voleybol boʻyicha U-16 yosh toifasidagi qitʼa birinchiligiga mezbonlik qiladi. Mazkur musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishish uchun Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) musobaqalarni tashkil qilish va nazorat qilish komissiyasi direktori Eom Xo Ju hamda AVC Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi Yermek Sirlibayev Toshkentga tashrif buyurishdi.

Dastavval mehmonlar Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi mutasaddilari bilan oldindagi rejalarni belgilab olishdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev, bosh kotib vazifasini bajaruvchi Farhod Alimov va federatsiyaning boshqa vakillari qatnashishdi. Oʻzbekistonlik mutaxassislar davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan ushbu chempionat yuqori saviyada oʻtkazilishi, hozirdanoq barcha kerakli ishlar boshlab yuborilganini maʼlum qilishdi. Oʻz navbatida, mehmonlar ham Toshkentning bu boradagi imkoniyatini yuqori baholashdi.

Bahslar “Yunusobod sport majmuasi” hamda “Universal” sport saroyida oʻtishi rejalashtirilgan. AVC vakillari uchrashuvdan soʻng ushbu obyektlarni koʻzdan kechirishdi. Oʻrganish ishlari mobaynida xorijlik mehmonlar terma jamoalar va boshqa rasmiylar uchun ajratilgan mehmonxonalar, mashgʻulot maydonlariga ham tashrif buyurishdi.

Boʻlajak Osiyo chempionatida quyidagi 15 ta davlat ishtirok etadi: Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Gonkong, Bahrayn, Hindiston, Tailand, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Eron, Yaponiya, Xitoy, Quvayt, Pokiston, Moʻgʻuliston, Xitoy Taipeyi.

Text to speech