3 May 2021 2270

Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoniga oid taqdimot bilan tanishdi.

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli musobaqaga sportchilarimizni tayyorlash uchun keng sharoit yaratilgan edi. Yuqori malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzlab o‘quv-mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bugungi kungacha sportchilarimiz yozgi Olimpiya o‘yinlariga 41 ta, Paralimpiya o‘yinlariga 16 ta yo‘llanma olgan.

Taqdimotda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik holati tanqid qilinib, qoniqarsiz deb baholandi. May-iyul oylaridagi musobaqalarda yana yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish uchun sportchilar va ularning jamoasini qo‘llab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi. Sportchilarga xizmatlarni kuchaytirish, ularni har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Federatsiyalar faoliyatini takomillashtirib, jalb qilingan malakali sport menejerlari bilan birga olimpiadachilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holatini yaxshilash uchun har bir sport turi bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Manba: president.uz

Text to speech