AQSHdagi Jahon kubogida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nurjan Tuyakbayev tantanali kutib olindi
Kuni kecha AQSHning Omaxa shahrida nihoyasiga yetgan ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Nurjan Tuyakbayev muvaffaqiyatli ishtirok etgani haqida maʼlum qilgan edik. Hamyurtimiz bugun poytaxtimizga qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutasaddilari, sportchimizning yaqinlari musobaqada qatnashgan delegatsiyamizni kutib olishdi. Shahrullo Sharipovich chavandozimizni qayd etgan natijasi bilan samimiy qutlab, uning kelgusi ishtiroklarida ham omad tiladi.
Eslatib oʻtamiz, Nurjan Tuyakbayev Jahon kubogining final bosqichida “Lanselotta” tulpori bilan ishtirok etib, kuchli yigirmatalikdan joy olgan edi. Shu bilan birgalikda, oʻzbek chavandozi va tulpori birinchi marta AQSHda tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etib, yilqichilik va sporti tarixida yangi sahifa ochdi.