12 Aprel 2023 1132

Yosh beshkurashchilarimiz Issiq-koʻldagi yigʻinda katta tajriba toʻplashmoqda

Ayni paytda yosh sportchilardan iborat zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Qirgʻizistonning Issiq-koʻl viloyatida xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib bormoqda. Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik vazifasini oʻtab berayotgan mazkur yigʻin Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston terma jamoalari ishtirokida kechmoqda.

Mashgʻulotlar olib borilayotgan baza dengiz sathidan 1600 metr balandlikda joylashgan. Yigʻinda barcha davlatlardan jami 76 nafar (40 nafar kattalar, 36 nafar yoshlar) sportchi ishtirok etyapti. Mashgʻulotlar davomida turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻrtoqlik turnirlari ham oʻtkazilyapti. Ahamiyatlisi, yosh sportchilarimiz ushbu musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritishmoqda.

Taʼkidlash joiz, yigʻinda rossiyalik Olimpiada chempioni Aleksandr Lesun ham ishtirok etyapti. Mahoratli atlet mashgʻulotlar davomida yosh beshkurashchilarimizga oʻz bilimlari bilan oʻrtoqlashmoqda. Rejaga koʻra, Issiq-koʻldagi mashgʻulotlar yakuniga yetganidan keyin terma jamoa navbatdagi yigʻin uchun Minsk (Belarus) shahriga yoʻl oladi.

Text to speech