Immayeva finalda, Ahmedova bronza medali uchun kurashadi
Uchinchi kundirki, sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Qozog‘istonda o‘tayotgan Osiyo chempionatining finaliga yo‘llanma olmoqda. Ayollar o‘rtasida kechayotgan bugungi bahslarda Jasmina Immayeva kechki dasturda oltin medal uchun kurash olib boradigan bo‘ldi.
-50 kg vazn toifasida chorak finaldan bahsga kirishgan hamyurtimiz dastlab Yi Chenni (Xitoy Taipeyi) 10:0, yarim finalda esa Miran Cheonni (Janubiy Koreya) 8:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishga erishdi. Endi finalda 2021 yilgi jahon chempioni yaponiyalik Remina Yashimotoga qarshi kurashadi. Shuningdek, -55 kg vaznda Shohida Ahmedova bronza medali uchun yaponiyalik boshqa bir sportchi Rina Tanaka bilan hisob-kitob qiladi.
Final:
-50 kg: Jasmina Immayeva – Remina Yashimoto (Yaponiya)
Bronza medali uchun:
-55 kg: Shohida Ahmedova – Rina Tanaka (Yaponiya)