8 Aprel 2023 1264

Taekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga tayyorgarligi muhokama qilindi

MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov taekvondo boʻyicha terma jamoa murabbiylar shtabi bilan yigʻilish oʻtkazdi. Unda ortda qolgan Usi “Katta dubulgʻa” turniri yakuni, oldinda kutib turgan keyingi yirik musobaqalarga tayyorgarlik rejalari koʻrib chiqildi.

Yigʻilish avvalida Sh.Tashmatov Xitoyda oʻtgan turnirda sportchilarimizning yuqori natija qayd etganini taʼkidladi. Biroq endilikda yangi startlarga yanada katta kuch bilan tayyorlanish lozimligiga ham toʻxtaldi. Qayd etish joiz, taekvondochilarimizning kelgusi musobaqasi 29-may – 6-iyun kunlari Ozarbayjonda oʻtadigan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati boʻladi. Ushbu chempionat Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmalari uchun eng katta reyting ochkolarini taqdim etishi bois unga alohida yondashuv talab etiladi. Yigʻilishda unda ishtirok etishi kutilayotgan tarkib batafsil muhokama qilindi.

Terma jamoa bosh murabbiyi Pavel Xan suhbat davomida sportchilarning holati, dunyo birinchiligiga koʻriladigan tayyorgarlik strategiyasi xususida toʻxtaldi. MOQ raisi oʻrinbosari rejani qoʻllab-quvvatlab, uni samarali amalga oshirish yuzasidan koʻrsatma berdi. Qolaversa, jahon chempionatidan soʻng oʻtadigan Gran-pri seriyalari, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga ham munosib tayyorgarlik koʻrish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalarini bildirdi.

Text to speech