3 May 2021 2215

Yengil atletikachilarimiz Turkiyada navbatdagi xalqaro turnirda ishtirok etishdi

Turkiyaning Mersin shahrida yengil atletika bo‘yicha navbatdagi xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamizning bir qator yetakchi vakillari g‘alaba qozonish barobarida jahon reytingidagi pog‘onalarini ham mustahkamlab oladigan bo‘lishdi.

Ko‘pkurashchimiz Yekaterina Voronina musobaqada 6153 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu bilan hamyurtimiz 28 aprel kuni xitoylik Nin Shuls qayd etgan Osiyo qitʼasi uchun mavsumning eng yaxshi natijasini takrorladi.

Tokio-2020 normativi sari yaqinlashib kelayotgan Safina Sadullayeva bu turnirda 1.90 metr balandlikni zabt etdi. Bu Safina uchun Olimpiada normativlari qabul qilinadigan mavsum qayta boshlangandan beri beshinchi start bo‘ldi. Barcha turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan yurtdoshimiz payshanba kuni eʼlon qilinadigan yangi jahon reytingida kuchlilar qatoridan joy olishi, shubhasiz.

Yana bir atletimiz Darya Reznichenko uzunlikka sakrash sektorida 6.58 metr bilan bilan g‘alaba qozondi. Bu Darya uchun mavsumdagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu borada qitʼadoshlarimiz orasida faqatgina xitoylik sportchiga (6.65 metr) imkoniyat boy berilmoqda.

Shuningdek, turnir davomida Nadiya Dusanova (balandlikka sakrash) 1.79 metr, bosqon uloqtirishda Zarina Nosirjonova 62.44 metr va uch hatlab sakrashda Ivan Denisov 15.41 metr ko‘rsatkich bilan musobaqani yakunlashdi.

Text to speech