"Toshkent-2025" yoshlar Osiyo o'yinlari, Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik holati tahlil qilindi
Yoshlar siyosati va sport vazirligida "Toshkent-2025" yoshlar Osiyo va Paraosiyo o'yinlari, shuningdek, Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bo'yicha yig'ilish o'tkazildi. Vazir Adham Ikramov olib borgan ushbu tadbirda vazirlik va MOQ rahbariyati, Respublika oliy sport mahorati maktablarining mutasaddilari ishtirok etishdi.
Yig'ilish "Toshkent-2025" yoshlar Osiyo va Paraosiyo o'yinlariga ko'rilayotgan ishlar muhokamasi bilan boshlandi. Muloqot davomida musobaqa bilan bog'liq barcha yo'nalishlar, xususan, o'tkaziladigan sanalar, dasturga kiritiladigan sport turlari, transport-logistika tizimi, musobaqa ramzi va boshqa atributlar uchun konkurs e'lon qilish, bellashuvlar o'tkaziladigan va mashg'ulot uchun ajratiladigan ob'yektlarni belgilab olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. A.Ikramov har bir mavzu bo'yicha alohida to'xtalar ekan, vazifalar professional darajada bajarilishi lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, federatsiya mas'ullariga Oliy sport mahorati maktablari bilan musobaqa dasturiga taklif etilgan sport turlarini yana bir karra ko'rib chiqish, shu asosda bellashuvlar kuni va sport ob'yektlarini taqsimlash bo'yicha aniq vazifalar belgilandi.
Tadbir davomida MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov "Toshkent-2025" yoshlar Osiyo va Paraosiyo o'yinlarini o'tkazish bo'yicha tashkil etiladigan direksiya taqdimotini o'tkazdi. Kun tartibidagi ushbu mavzu yakunida musobaqa dasturidan milliy sport turlarining joy olishiga ahamiyat qaratish, tekbol va boshqa ko'rgazmali sport turlari tarkibini shakllantirish bo'yicha topshiriq berildi.
Yig'ilishda Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlariga ko'rilayotgan tayyorgarlik ham atroflicha ko'rib chiqildi. Bu borada MOQ raisi o'rinbosari Sherzod Tashmatov terma jamoalarning olib borayotgan tayyorgarligi, musobaqada ishtirok etishi kutilayotgan sport turlari, medallar jamg'arish bo'yicha taxminiy hisob-kitob ma'lumotlarini aks ettirgan taqdimotni namoyish qildi. Yakunda barcha sport turlarining tayyorgarlik rejasini yana bir karra tahlil qilish, sportchilar kontingentini ko'rib chiqish lozimligi ta'kidlandi.