AQShda konkur boʻyicha Jahon kubogining final bosqichi boshlandi
AQShning Omaxa shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogining final bosqichi boshlandi. Maʼlum qilganimizdek, mazkur musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Nurjan Tuyakbayev “Lanselotta” laqabli tulporida qatnashmoqda. Sportchimiz va uning oti murakkab tekshiruvlardan iborat karantin jarayoni va maxsus veterinarlar tekshiruvidan muvaffaqiyatli oʻtgach murosasiz bahslarga kirishdi.
Biroz avval chavandozimiz “tozalik” va tezlikka asoslangan dasturda oʻz ishtirokini yakunladi. Toʻsiq balandligi 160 smni tashkil etgan yoʻnalishda yurtdoshimizning chiqishi koʻpchilikning olqishiga sazovor boʻldi. Tuyakbayev ertaga yana bir dasturda omadini sinab koʻradi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur turnirda dunyoning eng kuchli 41 nafar atleti bahs olib bormoqda. Hamyurtimiz unda Yevrosiyo ligasining eng kuchli sportchisi sifatida ishtirok etyapti. Bu chiqish oʻzbek chavandozi va yurtimizdan kelgan otning AQSHdagi birinchi tarixiy starti sifatida qayd etildi.