6 Aprel 2023 1442

Olimpiya oʻyinlari qayta dunyoga kelganiga 127-yil boʻldi

Bundan 127-yil avval, aniqrogʻi, 1896-yil 6-aprel kuni Gretsiya poytaxti Afina shahrida birinchi zamonaviy Olimpiya oʻyinlari start olgan. Aynan mana shu tarixiy voqea sabab ushbu sana Taraqqiyot va tinchlik yoʻlida Xalqaro sport kuni deb eʼtirof etilgan.

2013-yilning 23-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasida bir ovozdan 6-aprel sanasini Taraqqiyot va tinchlik yoʻlida Xalqaro Sport kuni (International Day of Sport for Development and Peace) sifatida nishonlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan.

Ushbu sana garchi koʻpchilikka maʼlum boʻlmasada, sport hamjamiyati uchun katta ahamiyatga ega. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi yurtimizda sportni yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish va Olimpizmning pok va ezgu gʻoyalarini targʻib qilish yoʻlida mashaqqatli faoliyat olib borayotgan sohaning barcha jonkuyarlarini bugungi bayram bilan tabriklab qoladi.

Text to speech