Futbolchi qizlarimiz Parij-2024 yoʻllanmalari uchun kurashga kirishishmoqda
Ertaga Toshkentda ayollar futboli boʻyicha Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi saralash musobaqasining birinchi bosqichi start oladi. Bugun “A” guruhidan oʻrin olgan Oʻzbekiston, Iordaniya, Butan va Sharqiy Timor jamoalarining bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda terma jamoamiz ustozi Midori Xonda boʻlajak musobaqaga tayyorgarlik haqida gapirib oʻtdi.
“Bu oʻyinlarga qadar 1 yil mobaynida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazdik. Yigʻinlar doirasida turli oʻrtoqlik uchrashuvlari tashkil etildi. Umuman olganda, bu bosqichga yetarlicha hozirlik koʻrdik, deya olaman. Yigʻinlar doirasida raqiblarni oʻrganib, shogirdlarimga ular haqida batafsil maʼlumot berib keldik. Raqiblarni kuchsiz deb hisoblamaymiz. Xususan, qizlarimiz ham bunday fikrda emas. Tarkibda yoʻqotishlar yoʻq. Avval jarohat olgan qizlar umumiy tarkibga qaytishdi. Fursatdan foydalanib, barcha muxlislarni futbolchilarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun stadionga chorlab qolaman”, – dedi Midori Xonda.
Anjumanda futbolchilar nomidan jamoamiz yetakchisi sifatida ishtirok etgan Kamila Zaripova ham murabbiyning fikrlarini tasdiqlagan holda boʻlajak bahslarga barcha tayyor ekani, har 3 oʻyinda faqat gʻalaba uchun maydonga tushishlarini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu bosqich doirasida Oʻzbekiston terma jamoasining ilk oʻyini ertaga Butanga qarshi oʻtkaziladi. Uchrashuv “Bunyodkor” stadionida soat 17:00 da start oladi.