Saken Polatov – Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti!
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasi aʼzosi, Osiyoda boksni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash fondi rahbari Saken Polatov Osiyo boks konfederatsiyasining vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
Bu haqida tashkilot matbuot xizmati ham rasman eʼlon qildi. Ushbu xabarning o‘zbek tilidagi ko‘rinishini eʼtiboringizga havola qilamiz.
O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov dam olish kunlari o‘tkazilgan Ijroiya Qo‘mitasi aʼzolari yig‘ilishida katta farqdagi ovoz bilan Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. Bugundan boshlab janob Saken Polatov Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti hisoblanadi.
Saken Polatov 2019 yilning aprel oyida Bangkokda o‘tkazilgan ASBC Bosh assambleyasi davomida Ijroiya Qo‘mita aʼzoligiga saylangandi.
2020 yilning dekabr oyidan boshlab Osiyoda boksni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari etib tayinlangan. Ushbu fond Osiyoda boksni rivojlantirish, kelajakda uzoq muddatli muvaffaqiyatlarga erishish maqsadida ASBC prezidenti Anas Alotaiba tomonidan tasʼsis etilgan. Ushbu fond aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan boks oqshomidan so‘ng “Hilton” mehmonxonasida o‘zining dastlabki yig‘ilishini o‘tkazgandi.
Saken Polatov strategik fikrlash va ishga bo‘lgan munosabat bo‘yicha Osiyo boks konfederatsiyasi rahbari Anas Alotaiba bilan hamfikr hisoblanadi.
Osiyoda boksni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash fondi rahbari Saken Polatovning fikricha, tizimni doimiy monitoring qilish, qayta aloqa va nazorat ishni tashkil etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Janob Saken Polatovning O‘zbekiston boks federatsiyasida ajoyib jamoasi bor. Jumladan Shohid Tillaboyev, Malik Babayev, Murodjon Mamadaliyev va Tamila Sarixanova kabi mutaxassislar ishni tashkil etishda yuqori malakaga egadir.
O‘zbekiston boks federatsiyasi Polshaning Kelse shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida fantastik natija qayd etdi va uchta oltin medal qo‘lga kiritdi. Ular qatorida ayollar boksi oltin medali ham bor. Nigina O‘ktamova, Shahzod Muzaffarov va Jahongir Zokirov Kelseda oltin medalga ega chiqdi.
O‘zbekiston kattalar terma jamoasi esa Sankt-Peterburgdagi “Gubernator Kubogi”da to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ular hozirda 21 may kuni Dubayda boshlanadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda, deya ushbu bayonotga yakun yasagan ASBC matbuot xizmati.
O‘z navbatida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi jamoasi nomidan Saken Polatovni ushbu yuqori lavozim bilan qutlaymiz va ushbu masʼuliyatli, sharafli vazifada muvaffaqiyatlar tilaymiz.