1 Aprel 2023 1068

Zamonaviy beshkurashchilarimiz yirik musobaqalarga hozirlanishmoqda

Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Kuni kecha yoshlar terma jamoamiz “Boʻston” dam olish maskani hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida navbatdagi yigʻinni yakunladi. Mashgʻulotlar davomida sportchilar uchun konkur va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha (qilichbozlik, suzish, oʻq otish va yugurish) sinov-test musobaqasi oʻtkazildi. Uning yakuniga koʻra, Mixail Kokozidi birinchi, Sherjon Ahmedov ikkinchi, Doniyor Rahimov esa uchinchi oʻrinni egalladi.

Taʼkidlash joiz, mazkur sinov musobaqasi murabbiylar shtabi uchun mavsumning qolgan qismida terma jamoa tarkibini shakllantirib olishda yordam berdi. Xato va kamchiliklar belgilab olinib, nimalar ustida ishlash kerakligi qayd etildi. Ertaga terma jamoa navbatdagi yigʻin uchun Qirgʻizistonning Issiq-koʻl shahriga yoʻl oladi. Xalqaro maqomda oʻtadigan ushbu yigʻinda Qirgʻiziston, Belarus, Qozogʻiston va Rossiya terma jamoalari ham ishtirok etadi.

Jamoa yetakchisi Alise Faxrutdinova esa Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Planernaya” Olimpiya markazida mashgʻulotlarni davom ettirmoqda. Sportchimiz 10-aprel kuni Anqara shahrida oʻtadigan Jahon kubogining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun Turkiyaga yoʻl oladi. Ushbu start atletimizga Parij-2024 litsenziyalari oʻynaladigan Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik oldidan muhim musobaqa hisoblanadi. 

Text to speech