31 Mart 2023 1248

Oʻzbekiston MOQning 2022-yilgi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining majlislar zalida Qoʻmitaning 2022-yilgi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov mavzu yuzasidan hisobot berib, Qoʻmitaning yaqin rejalari xususida toʻxtalib oʻtdi.

Oybek Omilovich dastavval, oʻtgan yili boʻlib oʻtgan Pekin-2022 XXIV qishki Olimpiya oʻyinlari, Vladivostok-2022 Osiyo bolalari oʻyinlari, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki, unda sportchilarimiz qayd etgan natija xususida gapirdi. Shundan soʻng, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan hamkorlikda terma jamoalarning Osiyo va jahon chempionatlaridagi ishtirokini taʼminlash, Prezidentimiz ilgari surayotgan sogʻlom turmush tarzi va Olimpizmning ezgu gʻoyalari targʻibotini yanada kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Hisobotdan xalqaro federatsiyalar bilan olib borilgan hamkorlik mavzusi ham joy oldi. O.Kasimov bu borada Saudiya Arabistoni hamda BAA Milliy Olimpiya qoʻmitalari bilan hamkorlik memorandumi imzolangani, shuningdek, yil davomida Xalqaro tennis federatsiyasi prezidenti Devid Xaggerti, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al Musallam, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Sport direktori Kit Makkonel kabi rasmiylar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishilgani haqida gapirdi.

Qayd etish joiz, 2022-yil Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi oʻzining yubiley 30 yillik bayramini nishonladi. Ushbu tadbir doirasida poytaxtimiz ilk bor Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qoʻmitasining 77-yigʻilishini yuqori saviyada tashkil etgani ham yodga olindi. Shuningdek, sport tibbiyoti, moliya, media yoʻnalishlar boʻyicha ham atroflicha maʼlumot berildi.

Anjuman davomida OAV xodimlari Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik, terma jamoalar uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Oybek Kasimov bularga javoban hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan barcha jarayon tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgani, Oʻzbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida 39 sport turida 400 nafardan ortiq sportchi bilan ishtirok etishi kutilayotgani, “qitʼa Olimpiadasi”da debyut qiladigan sport turlari xususida maʼlumot berdi. Qolaversa, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan toʻgʻri yoʻllanma va reyting ochkolari beradigan musobaqalarga ham alohida eʼtibor qaratilishi, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik boʻyicha toʻxtalib oʻtdi.

Text to speech