Angrenda fuqarolar bilan sayyor qabul oʻtkazildi
Respublika ishchi guruhining oʻrganish ishlari davom etadi. Toshkent viloyatiga biriktirilgan MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining boʻlim boshligʻi Akrom Nizametdinov bugun Angren shahriga tashrif buyurishdi.
Mutasaddilar hududdagi oʻrganish ishlari doirasida shahar fuqarolari bilan sayyor qabulda ham boʻlishdi. Unda angrenlik hamyurtlarimiz, xususan, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Mavjud muammo va kamchiliklarga yechim qidirildi.
Tashrif davomida shaharda foydalanishga topshirilgan sport majmuasi ham koʻzdan kechirildi. Zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan sport zali va suv havzasi barcha talablarga javob berib, yilning istalgan vaqtida sportsevar yoshlar uchun xizmat koʻrsatishga shay. Mutasaddilar yakunda hududdagi boshqa sport muassasalarini ham mana shunday zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish yuzasidan ularning istaklarini oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berishdi.